O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziriligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi (JSST YeMB) 2020−2021 yillarda hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat byuro rahbari Xans Klyugening 11−12 fevral kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolandi, deya xabar qildi SSV matbuot xizmati.

Tomonlar sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, majburiy tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli bo‘lgan odatlarga qarshi kurash borasida hamkorlikni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Vazirlik matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish borasidagi islohotlar aholining tibbiy yordamdan teng foydalanishini ta’minlaydi.

Islohotlarning katta qismi tibbiy sug‘urta borasida davlat tashkilotini tashkil etishдан iborat bo‘lib, u tibbiy xizmatlarni xarid qilish bo‘yicha strategik agentlik sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu kabi xizmatlar ro‘yxati davlat hisobidan ko‘rsatilishi kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmlarini belgilab beradi.

Hozirda sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga yo‘naltirilayotgan davlat mablag‘larining kelgusida yagona to‘lovchi sifatida ishtirok etadigan davlat tibbiy sug‘urta tashkilotiga birlashtirilishi kutilmoqda. Ushbu davlat tashkiloti tibbiy xizmatlarni eng maqbul narx va sifatdagi xizmatlarni taklif qilayotgan avtonom davlat va xususiy yetkazib beruvchilardan sotib oladi, deya izoh berdi SSV.

Bundan tashqari, JSST YeMB bilan tuzilgan kelishuv fuqarolar umri davomiyligini oshirishga ham yo‘naltirilgan. Buning uchun aksariyat hollarda bevaqt o‘lim va nogironlikka sabab bo‘layotgan kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash natijalarini yaxshilash rejalashtirilmoqda.