Joriy yil avgustdan boshlab, Toshkent shahridagi qurilishlar bo‘yicha loyihalar ekspertizasi yangi tartibda amalga oshiriladi. Yangi tartib 2021 yil 1 yanvardan barcha hududlarda tatbiq etilishi nazarda tutilgan, deya ma’lumot berdi qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.

11 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida o‘tgan matbuot anjumanida qurilish loyihalarini yangi tartibda ekspertizadan o‘tkazish haqida ma’lumot bergan Sherzod Hidoyatov ushbu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

«Loyihalarni qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish to‘xtatiladi. Endilikda hammasi internet orqali almashiladi. Bu ancha vaqt sarflanishiga, keyin xatoliklar kelib chiqishiga, boshqalarga olib kelishi mumkin va bu korrupsiyaga ham olib kelishi mumkin bo‘lgani uchun biz buni zudlik bilan raqamlashtirish yo‘lini boshlab yubordik. Endi bundan buyog‘iga ekspertlarimiz o‘zining o‘tirgan joyida masofadan turib loyihachilardan har bir loyihani internet orqali olib, ko‘rib chiqib, yana elektron tizimda o‘zining har bir javobini beradi va ishni amalga oshirib, ekspertizadan o‘tkazadi», — dedi u.

Vazirning birinchi o‘rinbosari, shu o‘rinda, tender masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi ikki yilda 3070ta qurilish loyihasi taqdim etilgan, ammo ularning 186tasi tenderdan o‘tgan.

«Qolgan hammasi esa buyurtmachilarimiz orqali tanlangan pudrat tashkilotlarga berilgan. Va u ob’ektning qurilishidagi kamchilik bo‘ladimi yoki boshqa bo‘ladimi, 100 foiz shaffofligi yoki nazorati qiyin bo‘lgan», — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Hidoyatovning qayd etishicha, tender o‘tkazilishiga qat’iy qarash kerak. Tender ishida esa quruvchi korxonalarning reytingini ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Reyting bahosini aniqlashda mutaxassislarning malaka oshirgani, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgani ham alohida mezon sifatida qabul qilinadi.

Sherzod Hidoyatov. Foto: AOKA

«Joriy yilda o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha ham ish boshlangan. Vazirlik qaramog‘ida 14ta kasb-hunar kolleji va 3ta texnikum faoliyat yuritadi. Ulardan samarali foydalanib, qiziqqanlarni 3 oylik qisqa kurslarga yo‘naltiramiz. Bu jarayon ham raqamlashtiriladi, ya’ni malaka oshirgan quruvchi-mutaxassislarning umumiy bazasi tuziladi. Reyting tuzishda mazkur ma’lumotlardan foydalaniladi. Bu ishlar amalga oshsa, ushbu sohada sof raqobat paydo bo‘ladi», — deya fikr bildirdi u.

Sherzod Hidoyatning aytishicha, tuzilajak reytingni aniqlashdagi asosiy mezonlanlardan biri — mehnat faoliyatida texnik xavfsizlik masalasi hisoblanadi.