Buxoro viloyati Romitan tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 10 fevral kuni taxminan soat 07:30 larda sodir bo‘ldi. Haydovchi 24 yoshli A.R. boshqaruvidagi Nexia-2 «Xorazm-Buxoro» A-380 avtomobil yo‘li bo‘ylab Romitan tuman hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning chekkasiga chiqib ketgan va bir necha marta aylangan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida yo‘lovchilar 49 yoshli U.M. va 42 yoshli D.A. hodisa joyida vafot etgan. Haydovchi va 36 yoshli uchinchi yo‘lovchi X.Yu. esa shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodekining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.