O‘zbekistondan Xitoyga gumanitar yordam jo‘natiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoyishga muvofiq yuborilayotgan ushbu ko‘mak koronavirus yangi turining keng tarqalishini oldini olish, epidemiologik vaziyatni jilovlash hamda uni mahalliylashtirish, kasallikka qarshi kurash harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Vazirlar Mahkamasi axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, gumanitar yuk tarkibida eng zaruriy tibbiy anjomlar, xususan Xitoyda ayni paytda talab etilayotgan bir marta qo‘llanadigan steril qo‘lqoplar, himoyalovchi ust kiyim, niqob va boshqalar mavjud.


Gumanitar yukni Xitoyga eltib qo‘yish vazifasi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

«Xitoy qudratli davlat, ular ko‘p amaliy ishlarga qo‘l urgan, sa’y-harakatlar qilinmoqda. Bu davlatning qudrati va imkoniyatlarini inobatga olgan holda, ular sinovni yengib o‘tishiga ishonamiz», — deya jurnalistlarga munosabat bildirgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov.


«O‘zbekiston do‘st va hamkor sifatida XXRga har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Bu ham ma’nan, ham amaliy yordam bo‘ladi. Buning isboti o‘laroq, prezidentimiz tomonidan Xitoyga gumanitar yordam yuborish bo‘yicha farmoyish imzolandi», — dedi u.

Hukumat axborotiga ko‘ra, gumanitar yordamning ikkinchi partiyasi ham shakllantirilmoqda. Mamlakatdagi to‘qimachilik korxonalarida Xitoyga yuborish maqsadida tibbiy niqob va himoya kiyimlari tayyorlanmoqda.