12 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudida «Ahmadboy» ishi bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi X.Shermuxamedov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» va «v» bandlari (juda ko‘p miqdorda firibgarlik; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik — eski tahrirdagi) bo‘yicha ayblangan Ahmadjon Tursunboyev va yana 15 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Ahmadjon Tursunboyev sud hukmiga ko‘ra aybli deb topildi va unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida, tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda, Axmadjan Tursunbayevga 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tursunbayevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi qarorining 6-bandi «b» kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirildi.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi va jazoni o‘tash muddati 2016 yil 16 iyundan boshlab hisoblanishi belgilandi. Oldinroq Tursunbayevga qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Ushbu ish doirasida yana 15 kishiga sud hukmi o‘qildi. Sud jarayoni tafsilotlari saytimizda e’lon qilinadi.