2020- yil 1- apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi. Mazkur o‘zgarish prezidentning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi farmoni loyihasidan o‘rin olgan.

Farmon loyihasida O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi va respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish ham ko‘zda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga 1- aprelga qadar muddatda qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlash, unda, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutish:

  • propiska tartibi bilan bog‘liq to‘siqlarni izchillik bilan bekor qilish;
  • propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirishning raqamlashtirilishini ta’minlash vazifalari topshirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24- yanvar kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yo‘llagan Murojaatnomasida hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan edi.

“Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir. Shu bois, parlament va hukumat 2020- yil 1- aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim”, — degan edi u.