10 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qarorbilan Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti negizida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.

Markaz Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining gematologiya bo‘limlari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qiladi.

1 apreldan boshlab Markazga Sog‘liqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish bilan bog‘liq amaldagi tartib tatbiq etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashxis qo‘yiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.