O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirishning «Yevroprotokol» tamoyillariga asoslangan soddalashtirilgan tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. 2020 yilgi Davlat dasturi loyihasida bu haqda so‘z boradi.

Yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirishning «Yevroprotokol» tamoyili, bu — YTH tafsilotlarini aks ettiruvchi shakllar (blankalar) to‘plami bo‘lib, ularda hodisa ishtirokchilari bo‘lgan haydovchilar o‘z imzolari bilan roziliklarini ifoda etadi. Yevropada bunday turdagi bayonnomalar o‘n yil muqaddam joriy etilgan. U YTHda jabrlanganlarga zararlarni ortiqcha muammolarsiz qoplash imkonini beradi.

1 mayga qadar ishlab chiqish rejalashtirilayotgan hujjatlarda:

  • yo‘l-transport hodisalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi va kelib chiqqan zararni to‘lash shartlari;
  • yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilmasdan, bu haqdagi ma’lumotlar (shu jumladan, suratga yoki videoga olish orqali) uning ishtirokchilari tomonidan xabarnoma blankasida aks ettirilishi va sug‘urta tashkilotlariga taqdim etilishi;
  • yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan transport vositalari sug‘urtalovchilar talabiga ko‘ra ko‘rikdan o‘tkazish yoki mustaqil texnika ekspertizasi uchun taqdim etilishi;
  • yo‘l-transport hodisasini ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokisiz rasmiylashtirish yuzasidan to‘lanadigan sug‘urta tovonining cheklangan miqdorini belgilash nazarda tutiladi.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish IIV, Transport vazirligi, Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga topshirildi.