Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA, MAGATE) Yadroviy infratuzilmasini kompleks ko‘rib chiqish bo‘yicha missiyasi 2020 yil oktyabrda O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ekspertlar O‘zbekistonda yadroviy-energetika dasturining xavfsizligi, ishonchliligi va barqarorligi hamda milliy yadro infratuzilma holatini har tomonlama baholash maqsadida ish olib boradi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

10−14 fevral kunlari agentlikning Venadagi bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan Fizikaviy yadroviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari energetika vaziri Alisher Sultonov anjumanda nutq so‘zladi.

Vazir ta’kidlaganidek, «mustaqillikka erishilgandan buyon o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi yadroviy qurolsizlanish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatmaslik jarayonlariga izchil ravishda sodiq bo‘lib qolmoqda. Shuningdek u Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi va XAESA o‘rtasidagi kafolatlarni qo‘llash to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini og‘ishmay bajarib kelmoqda».

Ayni paytda ta’kidlandiki, O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, shuningdek elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish uchun energetika tarmog‘ining kelgusi rivojlanishini chuqur va har tomonlama tahlil qilish asosida o‘zining yadroviy energetikasini yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.

Ushbu taklifni tayyorlashda ko‘p sonli omillar, jumladan, energetik xavfsizlikni ta’minlash zaruriyati, atrof-muhitga uglerod chiqarilishi miqdorini qisqartirish va boshqalar hisobga olindi. Vazir o‘z nutqida birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha qaror qabul qilinishi yadroviy infratuzilmani yaratish bo‘yicha faoliyatni rivojlantirish uchun turtki bo‘lib xizmat qilganini e’tirof etgan.

Energetika vaziri Alisher Sultonov. Foto: Vazirlik axborot xizmati

«Jumladan, «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. 2019−2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi va mamlakatning yadroviy-energetik dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Energetika vaziri MAGATE bilan samarali hamkorlikni qayd etdi, uning doirasida 2020 yilning birinchi yarmida tashkilotning yuqori malakali ekspertlarini jalb qilgan holda 15ta milliy seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.