Davlat mehnat inspeksiyasi ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari xodimlarni ishga jalb qilish bo‘yicha mehnat qonunlariga rioya etilishini nazorat qiladi. Bu bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovning buyrug‘ida ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Mehnat vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Avval xabar berganimizdek, Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga mehnat qonunlari va ishchilarning mehnat huquqlariga qat’iy rioya qilish buyurilgan. 3−4 fevral kunlari davlat organlari ushbu buyruqni bajarish to‘g‘risida buyruqlar qabul qildilar.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining tushuntirish berishicha, monitoring o‘tkazish buyrug‘i fuqarolardan mehnat huquqlari buzilayotgani to‘g‘risidagi ko‘plab shikoyatlari kelib tushayotgani sababli qabul qilingan.

«Gazeta.uz» to‘rtta boshqa-boshqa vazirliklarda ishlayotgan xodimlar bilan anonimlik sharti bilan suhbatlashdi va tekshiruvlar boshlanganidan keyin vaziyat qanday bo‘lganini o‘rgandi.

«Shanba kuni ba’zi xodimlar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishda bo‘lishdi. Meni ham vazirlikka kirishga ruxsat berishdi, lekin ikki-uch soatdan keyin ular Mehnat vazirligi tomonidan bo‘lajak tekshiruv tufayli uyga ketishimni aytishdi. Odatda biz ish kunlari 22:00—23:00 gacha ishlaymiz va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish uchun dam olish kunlari ham ishlashimiz kerak. Dushanba kuni bizni soat 18: 00dan keyin ishda ushlab turishadimi yoki yo‘qmi, bilib olamiz», — dedi vazirliklardan birining xodimi.

Boshqa bir davlat idorasi vakili: «Bu dam olish kunlari biz ishga bormadik, borganlarni ham kiritishmagan. Odatda ular dam olish kunlari ham ishlashardi, ish kunlari esa yarim tungacha ushlanib qolardi. Bizga: „Topshiriqni tugating, keyin ketayering“, deyishardi. Lekin vazirlikka kelgan topshiriq hech qachon tugamaydi, kuniga 25 soat ishlasangiz ham tugamaydi. Hozir tekshiruvlar sababli uzog‘i bilan 20:00 gacha qolayapmiz», — dedi boshqa bir xodim.

«Bizda ham Mehnat kodeksiga rioya qilish to‘g‘risida buyruq qabul qilindi, — dedi bo‘lim boshlig‘i lavozimini egallab turgan uchinchi suhbatdosh. — Mening ishchilarim va men dam olish kunlari ish joyiga bormadik, lekin Alisher Navoiy tavallud topgan kun munosabati bilan (9 fevral) bir soatcha masofadan ishladik. Ish vaqti ish yukiga bog‘liq. Vazirlar Mahkamasi va Prezident administratsiyasi ko‘rsatmalari bor, ular o‘z vaqtida bajarilmasa, „bosh ketishi“ mumkin. Bularning hammasi ishlashi uchun (mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi — tahr.) real muddatlar belgilanishi va topshiriqlar soni kamaytirilishi kerak. Bizda bitta g‘alati narsa bor. Deylik, vazirlikka yiliga 3000 ta vazifa topshirildi. Bir yoki ikkitasi bajarilmasa, xayfsan olasiz. Hech kim 2999 topshiriqni bajarganingizni aytmaydi».

Yana bir suhbatdoshimiz: «Qonunchilikka ko‘ra bizda ish kuni bor — 9:00dan 18:00gacha, shanba va yakshanba dam olish kunlari. Ammo hech qachon bunga rioya qilinmaydi — ular yarim tungacha ishlashadi va dam olish kunlari ham ishga chiqishadi. O‘tgan shanba va yakshanba kunlari ba’zi xodimlar delegatsiya tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishga ketishga majbur bo‘lishdi. Ularortig‘i bilan ishlashayati, chunki dushanba kuni hisobot topshirishlari kerak. Bunday hajmdagi ish bo‘lmasligi kerak, ular ham uyda dam olishlari kerak. Senga topshiriq berishadi, vaqtida ulgurmasligingni bilasan va natijada o‘z xohishing bilan dam olish kunlari ishga chiqib, ortig‘i bilan ishlab berasan».