Toshkentdagi Shodlik Palace mehmonxonasini xususiylashtirib olgan Ofelos Plaza kompaniyasi «Ilhom» teatridan aprel oxiriga qadar binoni bo‘shatib qo‘yishni so‘radi. Davlat tomonidan 1976 yilda teatr asoschisi marhum Mark Vaylga ajratib berilgan makonning yo‘qotilishi, jamoa fikricha, teatr uchun o‘lim hukmining o‘qilishi bilan teng.

Ofelos Plaza xatida yozilishicha, joriy yilda Toshkentning Shayxontohur tuman hokimiyati talabi bilan binoni to‘liq rekonstruksiya qilish ishlari boshlanadi. Bunga shahar markazida joylashgan yoqimsiz ko‘rinishdagi binoning tashqi qiyofasi poytaxtning umumiy manzarasini buzib turgani sabab qilib keltirilgan.

Foto: «Ilhom» teatri.

Shodlik Palace mehmonxonasi 1994 yilda xususiylashtirilgan. O‘sha vaqtdagi mehmonxona egasi teatr bilan avtomat ravishda 10 yilga uzaytirish sharti bilan 2023 yilgacha ijara shartnomasi imzolagan.Teatr binodan beg‘araz asosda foydalanib kelayotgan edi. 2017 yilda sud mehmonxonani xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi va bino davlat nazoratiga qaytarib olindi.

Binoning yangi egasi — Ofelos Plaza QK MCHJ. Ochiq reyestrga ko‘ra, kompaniya 2019 yil 3 dekabrda ustav fondi 1 milliard so‘m bo‘lgan holda ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi — turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga berish va boshqarish. Kompaniya rahbari Albert Aradovskiy, muassislari Nematullo Haydarov (75%) va Olga Sharvina (25%).

«Mark Vaylning „Ilhom“ teatri, bu — tijoriy teatr emas. Buni barcha tomoshabinlar bilishadi va tushunishadi. U davlatdan mablag‘ olmagan va olmaydi ham. Yangi bino sotib olish va unda teatrni qayta tiklash uchun teatrning hech qanday mablag‘ va imkoniyatlari yo‘q. Teatrning yo‘qotilishi faqatgina „Ilhom“ sahnalari uchun yaratilgan barcha spektakl repertuarlarining yo‘qotilishini ham anglatadi. Jumladan Mark Vaylning afsonaviy spektakllarining», — deyiladi teatr jamoasi bayonotida.

«Bugun „Ilhom“, bu — butun dunyoga mashhur bo‘lgan zamonaviy san’at markazidir. U nafaqat teatrdagi insonlarga, balki musiqachilar, rassomlar, fotosuratchilar, xoreograflar, rejissyorlarga ham hayot baxsh etmoqda, shahar madaniy muhitini barpo etib, uning aholisiga xizmat qilmoqda. Teatr san’ati studiyasiga noyob uslublarni o‘rganish uchun Yevropa va AQSHdan talabalar kelishadi», — deyiladi bayonotda.

«Ha, bugun bino xususiy mulkdorlarning qo‘lida. Biroq u jamoatchilik tomonidan barpo etilgan, jamiyat puliga. Xuddi shu jamiyat 1976 yilda uni «Ilhom»ga taqdim etdi. Teatr O‘zbekiston tarixida qiyin kunlarni boshdan kechirdi. 2007 yilda Mark Vayl fojiali tarzda halok bo‘ldi. Biroq biz doim kelajakka umid va ishonch ko‘zi bilan boqdik», — deya ta’kidlaydi teatr xodimlari.

«[Binoni] navbatdagi mulkdorga berar ekan, hech kim noyob teatr taqdiri haqida o‘ylab ko‘rmadi. Bir necha yil muqaddam biz qurishni boshlagan yangi mamlakatda teatr uchun joy yo‘qligini tan olishdan qayg‘udamiz», — deyiladi xabarda.

«Biz shaharliklar va hokimiyatdan Toshkent o‘zining eng yaxshi teatrlaridan biridan shunchaki voz kechib yuboradigan darajada ma’naviy va madaniy jihatdan boymi, deb so‘rashni xohlardik. Yangi mehmonxona yoki biznes markazi bunday qurbonlikka arziydimi? Biz yo‘q deb hisoblaymiz. „Ilhom“ shahrimiz uchun kerak. „Ilhom“ teatri taqdirini hal etish va: Toshkentga u kerakmi, degan savolga javob berish vaqti keldi», — deydi jamoa.

«Ilhom» O‘zbekiston hukumati, tomoshabinlar, jurnalistlar, diplomatlar va xalqaro hamjamiyatni teatrni saqlab qolishga chaqirdi. «Faqatgina sizning yordamingiz bilan buni ro‘yobga chiqara olamiz», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

12 fevral kuni 15:00 da «Ilhom» teatrida bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumaga jurnalistlar, blogerlar va befarq bo‘lmagan fuqarolar taklif qilinadi.