Shanba kuni Tailand shimoli-sharqidagi Nakxon Ratchasima (Korat) shahridagi savdo markaziga qurolli harbiy xizmatchi tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida 26 kishi halok bo‘ldi, 57 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda Novosti RAA. Quruqlikdagi qo‘shinlar serjanti bo‘lib chiqqan ommaviy qotil maxsus operatsiya vaqtida yo‘q qilindi.

Tailand bosh vaziri general Prayut Chan-Ochaning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, hamkasbi bilan uy sotish masalasida chiqqan mojaro sababli hujum uyushtirgan.

«Shu kabi mojarolar sodir bo‘lmasligini tushunib yetish uchun Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi mazkur fojia tafsilotlarini o‘rganib chiqadi», deb qo‘shimcha qildi o‘tmishda Tailand Quruqlikdagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni lavozimida ishlagan general.

Serjant harbiy qismlardan birida o‘z qo‘mondonini otib tashlab, so‘ngra mashina olib qochgan. U mashinada harakatlanar ekan, ko‘chadagi o‘tkinchilarga o‘q uzgan, so‘ngra savdo markaziga kirib borib, bir qancha odamlarni garovga olgan. O‘nlab insonlar qotilning qayerda ekani noma’lum bo‘lgani sababli binoning turli joylarida bir necha soat davomida yashirinib o‘tirishga majbur bo‘lgan.