«Dori-Darmon» dorixonalar tarmog‘i O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, hukumatning 2018 yil 22 oktyabrdagi qarori bilan Moliya vazirligi «Dori-Darmon»ga uch yil muddatga 150 mlrd so‘m miqdorida 2 foizli byudjetdan ssuda (qarz) ajratilgan. Kompaniya ushbu muddatni ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yil muddatga uzaytirishni so‘ramoqda.

Bundan tashqari, farmatsevtika faoliyatini (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno) litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Taklif etilayotgan o‘zgarish dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish litsenziyasi litsenziyatga ishlab chiqargan dori vositalari va tibbiy buyumlarini nafaqat chakana, balki ulgurji realizatsiya qilish huquqini ham berishini ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil dekabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish markazi va Amerikaning United Investment Healthcare Group kompaniyasi «Dori-Darmon»dagi 71 foizlik davlat ulushini besh yil muddatga ishonchli boshqaruvga topshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Biroq 2019 yil fevralida bitim bekor qilindi.

«Dori-Darmon» butun mamlakat bo‘ylab 233 dorixona va 1994 ta filialga ega.