O‘zbekistonda shifokorlar va provizorlar ro‘yxatdan o‘tishi uchun Uzhealth CRM (emed.uz) Shifokorlar va provizorlar yagona elektron bazasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining bu haqidagi qarori loyihasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi (ISSMP) tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan shifokorlar va provizorlarga ISSMPdan ro‘yxatga o‘tmasdan ishlash taqiqlanadi (bu prezidentning 2018 yil 2 avgustdagi farmonida ko‘zda tutilgan edi). Palata shifokor va provizorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ro‘yxatdan o‘tkazilgan shifokor va provizorlarning yagona elektron bazasini shakllantirish va yuritish, ro‘yxatga olishni to‘xtatish va bekor qilish vakolatlariga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, ISSMP Uzhealth CRM tizimini shakllantirish, yuritish va modernizatsiya qilish bo‘yicha vakolatli tashkilotga aylanadi.

Palata tender savdolarini o‘tkazmasdan turib Online Service Group (OSG) MCHJni tizimni ishlab chiqaruvchisi etib belgilashni taklif qilmoqda. Kompaniya veb-saytlar, brendlar, mobil ilovalar va boshqalar bozorida 2013 yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunga qadar u ISSMP, «O‘zekspomarkaz», Favqulodda vaziyatlar vazirligi, IIV huzuridagi Tergov departamenti va boshqa tashkilotlar saytlarini ishlab chiqqan.

Qaror loyihasida shifokor va provizorlarni ro‘yxatga olish, ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartiblarini ham o‘z ichiga oladi.

Unga ko‘ra, ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish majburiy jarayon hisoblanib, qaysi shakldagi tibbiyot muassasasida ishlayotganidan qat’i nazar, amaliy tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha shifokor va provizorlar uchun umumiy va majburiy jarayon hisoblanadi.

Shifokor va provizorlar, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni (norezidentlar) ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatga olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im olish taklif qilinmoqda.

Hujjat loyihasi 19 fevralga qadar davom etadi.