Toshkentning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida bir kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi. Hodisa aks etgan video esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Avariya 6 fevral kuni yarim tunda Arnasoy ko‘chasida sodir bo‘ldi. 25 yoshli Javohir M. boshqarib kelayotgan Spark 36 yoshli Davron A. boshqaruvidagi Matiz bilan to‘qnashdi.

YTH natijasida Matiz haydovchisi olgan tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etdi. Uning 27 yoshli yo‘lovchisi Azizullo M. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Shuningdek, Spark haydovchisi, uning yo‘lovchilari — 22 yoshli Akbar A., 18 yoshli Abbos X. va 20 yoshli Abdulloh X. ham tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, mashinalar to‘qnashuvi Matiz haydovchisi belgilanmagan joydan orqaga qaytib olishga qaror qilgani sababli sodir bo‘lgan.