O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida o‘rganishlar o‘tkazildi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati Navoiy viloyat IIB axborot xizmatiga tayangan holda.

Ushbu o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha viloyat Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun bir qator tuman IIB boshliqlari va xodimlar ishdan chetlashtirildi.

Jumladan, Navbahor tumani IIB boshlig‘i Sh. Ismatov, Tomdi tumani IIB boshlig‘i B.Bozorov, Qiziltepa tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Adizov, Xatirchi tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Ismatov, Xatirchi tumani profilaktika inspektorlari A.Amontoshev va Sh. Oblayev, 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Suvonov, 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Latipov egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilishda 2019 yil yakuniga ko‘ra Navoiy viloyatida sodir etilgan jinoyatlar soni 10,2 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 11,6 foizga, shu jumladan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamaygani qayd etildi. Viloyatdagi har uchinchi mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani ta’kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, viloyatning 307 ta mahallasida sodir etilgan har yettinchi jinoyat «Memor», «Kimyogar», «Xoncharbog‘», «M.Bahrom», «Shibzon», «Navbahor», «Damariq» va «Beshrabot» mahallalari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani tanqid ostiga olindi.

Qolaversa, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, axloqsiz hatti-harakatlar, ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy illatning oldini olish borasidagi ishlar o‘rganilib, viloyat Xotin-qizlar kengashi raisi boshchiligidagi ishchi guruhga 2020 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha manzilli topshiriqlar berildi.