Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mamlakatda aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish ahvolidan jiddiy tashvishini bildirdi. Ayniqsa, bu holat qonun hujjatlarida ham buzilmoqda, deb fikr bildirdi vazir.

3 fevral kuni Adliya vazirligi binosida Ruslanbek Davletov tizimning 2019 yildagi faoliyati haqida hisobot berdi. Shuningdek, u kelgusi rejalar, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ham javob qaytardi, xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Jinoyat-protsessual kodeksining 297 moddasidaJinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasi») quyidagilar belgilangan:

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror jinoyat ishini tergov qilish chog‘ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlab chiqib, tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoaga yoki mansabdor shaxsga ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Taqdimnomaning nusxasi ishga qo‘shib qo‘yiladi.

Adliya vaziriga ko‘ra, mohiyatan, hali sud qarori bilan jinoyat ishiga nisbatan hukm chiqmay turib, kodeksdagi muayyan modda aybsizlik prezumpsiyasini buzmoqda.

«Hozir yangi kodeks loyihasi ustida ishchi guruh ishlamoqda. Buni to‘g‘irlash kerak bo‘ladi», — deya fikr bildirdi u.

Davletovning aytishicha, aybsizlik prezumpsiyasiga qat’iy rioya etilmasligiga jinoyat tizimining shakllanish prinsiplari ham salbiy ta’sir qiladi. Masalan, tizim haqiqatni izlab, haqiqatni ro‘yobga chiqarishning orqasidan izlanadi.

«Tergovchi ham, prokuror ham, agar gumondor aybsiz, deb topilsa, qo‘yib yuborish kerak. Lekin boshqa davlatlarda, mana, Angliyada, tergovchilar isbot uchun kurashadi. Hamma isbot bilan motivatsiya qiladi. Chunki hammaning o‘z haqiqati bor. Bizda haqiqat tergovda ro‘yobga chiqadi», — dedi u.

Vazirning fikricha, shunday ishlash natijasida tergovning mavqei juda baland bo‘lib ketyapti. Davletov tergovoldi ishlari, tergov darajasiga advokatlar tez-tez e’tiroz bildirishini aytib, bunday holatlar boshqa davlatlarda kuzatilsa, advokatlarga xush kelishini aytdi.

«E’tiborga olmagani yaxshi, chunki sudda yutamiz, deb o‘tiradi-da, ular tergovning ustidan hech qachon shikoyat bermaydi. Qolaversa, bizda sud tergovi, degan narsa ham bor. O‘ylaymanki, bu ham noto‘g‘ri. Sud neytral bo‘lishi kerak. Ikkita tomon kelyapti, ikkitasi pozitsiyasini aytishi kerak, aybdormi, aybdor emasmi, u masala hal bo‘lishi kerak», — deya fikrida davom etdi u.

Adliya vaziri sudlov tizimida qasamxo‘rlar amaliyotiga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqishga undadi.

«Bu juda ham demokratik tizim, chunki xalqning o‘zi uni aybdor yoki aybsizligiga javobini aytishi kerak, xalqning o‘zi. Bugungi kunda amalda xalq maslahatchilari amaliyoti bor. U, asosan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda ishtirok etadi. Shunda ham bu sohada juda isloh qilinadigan narsalar bor», — deya qayd etdi u.