O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilda tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur masala 6 fevral kuni bo‘lib o‘tgan neft-gaz sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilindi.

«Bir narsani hammamiz tushunib olishimiz lozim. Biz sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘tgan uch yilda ko‘pgina chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etdik. Lekin natijalarni tahlil etadigan bo‘lsak, hali neft-gaz, elektr energiyasining barqaror ta’minotida xalqimiz, tadbirkorlarimiz talabini to‘la qanoatlantira olmayapmiz», — dedi davlat rahbari.

Korxonalarni modernizatsiya qilish ishlari yetarli emasligi, gaz yetkazib berishda yo‘qotish ko‘pligi hamda uzilishlarga yo‘l qo‘yilayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Energetika vazirligiga joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun tabiiy gaz qazib olishni 2019 yilgiga nisbatan 4 milliard kub metrdan ziyod ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish oralig‘idagi texnologik sarf va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Neft-gaz sohasini isloh qilish bo‘yicha «loyiha ofisi»ga ilg‘or xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish, korxonalarda rahbar xodimlarning maoshini faoliyat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlariga (KPI) bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «komplayens nazorat» tizimi joriy etilishi belgilandi.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga har bir konning holatini tanqidiy tahlil qilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini barpo etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha 3 ta loyihani yakunlash lozimligi qayd etildi.

«O‘ztransgaz» va «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatlariga joriy yil iyul oyiga qadar 2,5 mingta yirik iste’molchini tabiiy gaz hisobini yuritishning onlayn tizimiga ulash vazifasi yuklatildi. Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida kamida 2 million iste’molchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatish zarurligi qayd etildi.