2019-yil davomida tijorat banklari tomonidan 67,2 ming jismoniy shaxsga 7,9 trln so‘m miqdorida (2018 yilga nisbatan 66,6 foizga yoki 3,2 trln so‘mga ko‘p) ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu haqda Markaziy bank statistik ma’lumotlarida so‘z boradi.

Mazkur davr mobaynida ajratilgan ipoteka kreditlarining eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (960 mlrd so‘m), shuningdek, Toshkent (535 mlrd so‘m) va Jizzax viloyatlari (304 mlrd so‘m) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (283 mlrd so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2019-yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining 96,5 foizi (7,7 trln so‘m) birlamchi bozorga, 3,5 foizi (268 mlrd so‘m) ikkilamchi bozorga yo‘naltirilgan. 2018 yilda mazkur ko‘rsatkich mos ravishda 94,6 foizni (4,5 trln so‘m) hamda 5,4 foizni (244 mlrd so‘m) tashkil etgan.

Shuningdek, ipoteka kreditlar tarkibida imtiyozli asosda (qayta moliyalash stavkasi doirasida) ajratilgan kreditlar ulushi 83,2 foizni (6,6 trln so‘m), bozor foizlarida ajratilgan kreditlar ulushi esa 16,8 foizni (1,3 trln so‘m) tashkil qiladi.

2019-yilda jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlarining 4,8 trln so‘mi (61 foizi) markazlashgan resurslar, 3,1 trln so‘mi (39 foizi) tijorat banklari resurslari hisobidan ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida ustav kapitali 25 milliard so‘m bo‘lgan O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtiradigan kompaniya tashkil etilgan edi. Uning vazifasi aholining arzon uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun banklarga “bozor tamoyillariga asoslangan” moliyaviy resurslarni taqdim etishdan iboratdir.

2019-yil dekabr oyida prezident ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibini tasdiqladi — Moliya vazirligi bozor shartlari asosida banklarga 15 yil muddatga mablag‘larni joylashtirishi kerak, banklar esa shu va o‘z mablag‘laridan foydalangan holda aholiga ipoteka kreditlarini taqdim etishlari kerak.