Vazirlar Mahkamasining 31 yanvardagi qarori bilan oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash, stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartiblari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 fevraldan:

  • davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontarkt asosida o‘qiyotgan talabalarga qat’iy belgilangan stipendiya to‘lanadi. 2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno;
  • semestr yakuni bo‘yicha fanlardan faqat a’loga o‘zlashtirgan (86 ball va undan yuqori) talabalarning stipendiyalari bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshiriladi;
  • semestr yakuni bo‘yicha fanlardan 30 foiz va undan ortiq qismi qoniqarli bo‘lgan (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarga keyingi semestrda stipendiya to‘lanmaydi. 2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno.


Shuningdek, qarorga ko‘ra, OTMlarda davlat granti asosida ta’lim olayotgan «a’lo» (reyting ko‘rsatkichi -86 ball va undan yuqori) hamda «yaxshi» (reyting ko‘rsatkichi — 71 ball va undan yuqori) o‘zlashtirgan talabalarga tajriba-sinov tariqasida 2019 yil 1 sentyabrdan 2020 yil 1 fevralga qadar haqiqatda to‘langan hamda hukumatning tegishli qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorlar orasidagi tafovut tizimida OTMlar bo‘lgan vazirliklar va idoralarga 2020 yil uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi.


Bundan tashqari, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi nomli davlat stipendiyalari sohiblari, 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston respublika byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishini inobatga olib, ularga tegishli o‘quv yili uchun kontrakt qiymati miqdorini stipendiyasiz shaklda to‘lash imkoniyati yaratiladi.