Xitoyda koronavirus epidemiyasi natijasida O‘zbekiston bozorida Chevrolet Equinox avtomobillarini yetkazib berish muddatlari kechikishi mumkin, deya xabar qildi UzAuto Motors.

«Bugungi kunda avj olayotgan koronavirus sababli ko‘pgina avtomobil ishlab chiqaruvchilarda Xitoyda ishlab chiqariladigan ehtiyot qismlarni yetkazib berilishida muammo yuzaga kelgani sababli o‘z zavodlarida ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishdi. Ushbu favqulodda vaziyat tufayli, Chevrolet Equinox avtomobilining yetkazib berilishi ham mintaqadagi epidemiya bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmagunga qadar kechiktirilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Chevrolet Equinox avtomobilini sotib olish uchun shartnoma pulini to‘lagan va avtomobil yetkazib berilishi qayta tiklanishini kutishni istamagan mijozlar belgilangan tartibda to‘langan summani qaytarib olishlari mumkin. Shuningdek, UzAuto Motors dilerlik markazlaridan boshqa har qanday avtomobilni sotib olish uchun shartnomani almashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Equinox va yana uchta Chevrolet modeli taqdimoti Toshkentda 25 dekabr kuni o‘tkazilib, shartnomalarni imzolash 27 dekabrdan boshlangan edi.