«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Pekindan Toshkent aeroportiga uchinchi charter reysi 4:40 da yetib keldi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Aviakompaniya koronaviruv tarqalgani tufayli odamlarni Xitoydan ko‘chirish jarayoni yakuniga yetganini ma’lum qildi. Har ikki tomonda ham biologik xavfsizlik choralariga rioya qilish virusologiya mutaxassislari tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda nazorat qilindi.

Samolyot bortida 251 nafar yo‘lovchi, ekipaj a’zolari va zamonaviy himoya vositalari bo‘lgan tibbiyot vakillari bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Pekindan 250 va Uxandan 84 kishi evakuatsiya qilingan bo‘lib, ularning 5 nafari Qozog‘iston fuqarolaridir.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan Xitoydan qaytib kelayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladilar, u yerda butun karantin davrida malakali tibbiyot xodimlar kuzatuvi ostida bo‘ladilar hamda barcha zaruriy dori-darmon, tibbiyot vositalari va tegishli oziq-ovqat bilan bepul ta’minlanadilar.

Uxan va Xitoyning boshqa mintaqalaridan olib kelinayotgan O‘zbekiston fuqarolari butun inkubatsion davrda karantinda ushlab turiladi. 14 kun davomida ularning oila a’zolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashishiga ruxsat berilmaydi.