AQSH Davlat departamenti 2019−2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini taqdim etdi (PDF). U AQSH davlat kotibi Maykl Pompeoning yaqinda O‘zbekiston va Qozog‘istonga qilgan tashrifi chog‘ida e’lon qilindi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha avvalgi strategiyasi 2015 yilda tasdiqlanganidan buyon mintaqadagi yangi rahbarlar islohotlar, mintaqaviy aloqalar va hamkorlikni rivojlantirishga Qo‘shma Shtatlarni faol jalb etish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etdi.

Yangi strategiyaga eski strategiyadan joy olgan asosiy tendensiyalardan ayrimlari kiritilgan. Jumladan, mintaqadagi ichki va transchegaraviy terrorizm xavfsizlikka tahdid solayotgan asosiy muammolardan biri sifatida qoldirilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari radikal ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va yolg‘on axborotlar kabi barqarorlikka tahdidlar bilan to‘qnashishda davom etadi.

Strategiyada AQSHning mintaqadagi siyosatiga oid oltita asosiy tamoyillar bayon etilgan:

1. Markaziy Osiyo davlatlarining ham alohida-alohida, ham butun mintaqa sifatida suverenitet va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash. AQSH mahalliy hokimiyat organlarining demokratik institutlarni mustahkamlash va iqtisodiy taraqqiyotni yuksaltirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun dasturiy yordamlarni taqdim etadi va o‘zining mintaqadagi diplomatik ishtirokini oshiradi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar «mintaqani bo‘lib tashlagan» tushunmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralarni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

2. Markaziy Osiyoda terroristik tahdidlarni kamaytirish. Mintaqa hamjamiyati ekstremistik g‘oyalarga chidamlilik qobiliyatini ishlab chiqishi, uning hududi esa terroristlar uchun boshpana vazifasini bajarmasligi kerak.

3. Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish uchun yordam ko‘rsatish va ularni kengaytirish. AQSH Afg‘onistonning xavfsiz va barqaror bo‘lishi Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari uchun asosiy ustuvor maqsad ekanini va mojarolarga chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan tinchlik jarayonida har kimning muhim rol o‘ynashini tan oladi. Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston bilan bog‘liq iqtisodiy va tijoriy aloqalarni rivojlantirish hamda musulmn ko‘pchilikka ega ko‘p millatli davlatlarni barqaror boshqarish modelini ishlab chiqishda Markaziy Osiyo davlatlariga yordam ko‘rsatadi.

4. Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish. Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy barqarorlikka bevosita hissa qo‘shadigan energiya, iqtisodiyot, madaniyat, savdo va xavfsizlik sohalari orqali Afg‘oniston bilan yaqin aloqalarni rivojlantirishlari kerak.

5. Qonun ustuvorligini va inson huquqlarini hurmat qilishni qo‘llab-quvvatlash. Saylovlar, shaffof siyosat, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini hurmat qilish yo‘li bilan fuqarolar, inklyuziv siyosiy tizimlarning jiddiy ishtirokini ta’minlash orqali Markaziy Osiyo davlatlari barqarorligini mustahkamlash.

6. AQSHning Markaziy Osiyoga sarmoyalarini jalb qilish. Markaziy Osiyodagi qulay ishbilarmonlik muhiti AQSH kompaniyalarini jalb qiladi va rivojlanishning yanada kengroq maqsadlariga erishishga yordam beradi.

«AQSHning Markaziy Osiyo ishlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bizning milliy xavfsizligimiz manfaatlarini ta’minlashga va chet elda vatanimiz, fuqarolarimiz va manfaatlarimizni himoya qilishga yordam beradi», — deyiladi strategiyada.

«Barcha besh mamlakat bilan yaqin munosabatlar va hamkorlik AQSH qadriyatlarini targ‘ib qilishga yordam beradi va mintaqadagi qo‘shnilar ta’siriga qarshi turishini ta’minlaydi. Amerika biznesi uchun imkoniyatlarning kengayishi mintaqadagi iqtisodiy farovonlikni oshiradi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda ish bilan ta’minlash va sanoatni rivojlantirishga yordam beradi», — deyiladi hujjatda.