Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum Kongress tomonidan qabul qilingan «Savdo to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan «Jekson-Venik» tuzatishi ma’nan eskirganini aytdi. Elchining aytishicha, ro‘yxatdan O‘zbekistonni ayni paytda chiqarib tashlash oson ish emas. U bu haqda 6 fevral kuni elchixonada o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Gazeta.uz» muxbiriga so‘zlab berdi.

1974 yili qabul qilingan qonunga tuzatish mualliflari, kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik fuqarolarning emigratsiyasiga to‘sqinlik qilayotgan, inson huquqlarini poymol etuvchi davlatlarga nisbatan iqtisodiy bosimni taklif qilishgan. Ularning fikricha, AQSH shunday davlatlar bilan munosabatlarda savdo imtiyozlari, davlat va uning kafilligidagi kreditlarni ajratishni taqiqlashi lozim.

Ayni paytda bu qonunning ta’sirchan choralari ro‘yxatiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Turkmaniston, Tojikiston va Belarus kiritilgan.

Elchining ta’kidlashicha, ushbu qonun o‘tmish qoldig‘i, u hali Sovet davlati mavjud bo‘lganda qabul qilingandi.

«Qonundan maqsad — erkin emigratsiya. Qonundan kutilgan natija ham shu: fuqarolarning erkin harakatlanishi, davlatdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan davlatlarga bosim qilish. O‘ylashimcha, bugungi kunda O‘zbekistonda emigratsiya erkinligi mavjud va dunyoning boshqa davlatlarida ham fuqarolar istasa, mamlakatdan erkin chiqib keta oladi. Shunday ekan, qonunning amal qilishi to‘xtasa ham bo‘ladi», — dedi Rozenblyum.

Chet elga chiqishni rejalashtirgan barcha 18−35 yoshda bo‘lgan xotin-qizlarning majburiy suhbatdan o‘tishi 2018 yil iyunda bekor qilingandi. Avval, barcha chetga chiqishni istagan O‘zbekiston fuqarolariga tatbiq etilgan «OVIR» stikerini olish bekor qilindi. Uning o‘rniga xorijga chiqish pasporti amal qilmoqda.

Ammo, amerikalik diplomat AQSH Kongressi biror davlatni «Jekson-Venik» ro‘yxatidan chiqarishi uchun ayrim omillarni inobatga olib, ish tutishini bildirdi.

«Negaki, qonundagi ta’sirchan choralar AQSH va muayyan davlat o‘rtasidagi savdo imtiyozlari bilan ifodalangan. O‘sha davlat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgan taqdirdagina Kongress ushbu masalani ko‘rib chiqishi mumkin. Qo‘shimcha qilib aytmoqchimanki, ta’kidlarim qonunda belgilanmagan. Qonun muayyan davlatning JST a’zoligini talab qilmaydi. Ammo amaliyotda Kongress shunday ish tutadi», — deya fikr bildirdi u.

O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish harakatini 2019 yilda qayta boshlagandi. Oradan 15 yil o‘tib, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar yana boshlandi.