Jizzax viloyati Paxtakor tumanida istiqomat qilgan, asli ozarboyjonlik Aramais Avakyan jazoni ijro etish manzil-koloniyasidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

1982 yilda tug‘ilgan Aramais Avakyan O‘zbekiston фuқароси hisoblanadi. U 2016 yili 19 fevralda sudning tegishli qarori bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. O‘shanda Avakyan Jinoyat kodeksining 159 moddasi («O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish»), 161 moddasi («Qo‘poruvchilik»), 169 moddasi («O‘g‘rilik»), 244−1 moddasi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish») va 244−2 moddasida («Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli, deb topilgandi.

2016 yili 22 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudida appelyatsiya instansiyasida sud qarori ustidan shikoyat ko‘rib chiqilgan va hukm o‘zgarishsiz qolgandi. Oradan ikki yil o‘tib, may oyida Avakyan jazoni ijro etish manzil-koloniyasiga o‘tkazilgandi.

Joriy yil 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasi quyi instansiya qarorlaridagi Avakyanga tegishli qismi o‘zgartirildi. Uning jazo muddati 4 yil, 4 oy va 27 kungacha qisqartirildi. Ayni paytda jazo muddatini o‘tab bo‘lgan Aramais jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etildi.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum fermerning ozod etilganiga munosabat bildirib, buni olqishladi.

«O‘zbekiston joylarda hokimiyatdan g‘ayriqonuniy foydalanish oqibatida qamoqqa nohaq tushgan Aramais Avakyanni qo‘yib yuborganini eshitib, xursand bo‘ldim. Bu Mirziyoyev boshqaruvidagi O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sari qo‘yilgan yana bitta qadam», — deb fikr bildirgan u Tvitter sahifasida.

2016 yili may oyida AQSHning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi missiyasi Avakyan advokati bo‘lgan Odil Qobilovning qo‘lga olinishidan xavotirini bildirgandi. Shu yilning iyun oyida advokat qo‘yib yuborilgan.