O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni «Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qaror bilan qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, O‘zbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda qishki sport turlarini 2020−2023 yillarda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Dasturda «O‘zko‘rgazmasavdo» binosi bazasida qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa) bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, ko‘rgazmalar va forumlar o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy muz saroyi tashkil etish nazarda tutildi.

2023 yil 1 yanvarga qadar Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy bo‘linmalari, qishki sport turlari bo‘yicha professional klublari va nodavlat bolalar sport maktablari:

  • mol-mulk solig‘i hamda jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislarning daromadlariga ijtimoiy soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirilgan holda to‘laydi;
  • belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 2020−2023 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlar quriladi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 2020/2021 o‘quv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun o‘rin ajratiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab mazkur universitetda qishki sport turlari kafedrasi tashkil etiladi.