O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi www.topinvest.uz veb-sayti faoliyatining qonuniyligi yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga javob qaytardi.

Murojaatlarda ta’kidlanishicha, «Topinvest» veb-sayti o‘zini AQSH birjalarida spekulyatsiya va investitsiyalar bilan professional ravishda shug‘ullanuvchi treyderlar jamoasi sifatida taqdim etmoqda.

Veb-saytning «Aloqa uchun» sahifasida «Topinvest»ning tashkiliy-huquqiy shakli «ma’suliyati cheklangan jamiyat» («Topinvest» MCHJ) sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, saytda «Topinvest» MCHJ ofisida 5 mln so‘m evaziga olti haftalik malaka oshirish treningi o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon joylashtirilgan.

Agentlik murojaatlar asosida mazkur veb-sayt faoliyatini o‘rganib chiqib, «Topinvest» MCHJ nomli tashkilotning va veb-saytga aloqador boshqa shaxslarning O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega emasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, agentlik «Topinvest» MCHJning O‘zbekiston hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida ham ma’lumotga ega emas, deyiladi xabarda.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ularga mulkiy zarar yetkazilishining oldini olish, shuningdek veb-saytning qonunchilik doirasida faoliyat yuritishi bo‘yicha to‘liq ma’lumot olish maqsadida agentlik tomonidan mazkur veb-sayt bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga o‘rganish uchun yuborildi.

Agentlik fuqarolaridan o‘z mablag‘larini noqonuniy daromad olish maqsadida kapital bozori elementlari va atamalaridan foydalangan holda firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ishonib topshirmaslikni so‘radi hamda qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritish uchun kapital bozorining litsenziyaga ega ishtirokchilari bilan hamkorlik qilishni tavsiya qildi.