Joriy yilning ikkinchi choragida Toshkent viloyatining Piskent tumanida qurilayotgan Elektrotexnika va avtotransport vositalarini xavfsizlik parametrlari va elektromagnit moslashuvchanlik bo‘yicha to‘la baholashni ta’minlaydigan sinov bazasi foydalanishga topshiriladi. Bu haqda «O‘zstandart» axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Chexiyaning EXPORTA kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan laboratoriyani yaratish yuzasidan 3,8 mln yevro xalqaro bank kreditini jalb etish belgilangan. Ayni paytda moliyaviy shartnomalar imzolangan va qurilish ishlari davom etmoqda.

Loyiha ishga tushishi bilan avtomobillarni elektromagnit moslashuvchanlikka baholash laboratoriyasi tashkil etilishi, xodimlarni malakalari oshirilishi hamda laboratoriyani xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.

Bundan tashqari, «O‘zstandart» agentligiga Jahon bankidan ajratilayotgan 20,3 mln dollar imtiyozli kreditni o‘zlashtirib, 8ta hududiy (Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari) sinov laboratoriyalarini modernizatsiyalash bo‘yicha xalqaro ekspert tomonidan xulosa olgan.

Ta’kidlanishicha, sinov uskunalarini xarid qilish bo‘yicha xalqaro tender jarayonlari 2019 yil 2 dekabrdan boshlandi.