O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda poytaxtdagi qilichbozlik markazi bazalarida Xalqaro qilichbozlik akademiyasi ochiladi, deya xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Akademiyada sportning ushbu turi bo‘yicha murabbiylar va hakamlar tayyorlanadi.

Akademiyani tashkil etish masalasi 4 fevral kuni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi Ijroqo‘m vakillari Aze Erika, Novak Perovich va Vitaliy Logvin ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

«Bu O‘zbekistonga qilgan ilk tashrifim emas. Bundan avval 2015 yil kadetlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati vaqtida Toshkentga kelganman. Shuni aytishim mumkinki, mazkur musobaqa yoshlar miqyosida tashkil qilingan eng yaxshi dunyo birinchiliklaridan biri bo‘lgan edi. O‘zbekistonda barcha sohada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Biz ham bunday imkoniyatlar zaminida qilichbozlikni rivojlantirish uchun qo‘limizdan kelgan yordamni ayamaymiz», — dedi Novak Perovich.