«Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida» prezident farmoni qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 41 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 3 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi.

Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar tashkil etadi.