Fuqaro aviatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarning jadallashtirilishi natijasida 2020-yil mamlakatimiz aviatsiya sohasida tub burilish yili bo‘ladi, deb umid qilamiz, deya ma’lum qildi Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari qo‘shma bayonotida. Ushbu kompaniyalar 2019-yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tarkibidan chiqarilgan edi. Aviatashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarning kompaniyalar o‘rtasida taqsimlanishida Jahon banki ekspertlari ishtirok etdi.

“So‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi. Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir”, — deya tan olinadi bayonotda.

Uch yil avval aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi, deyiladi xabarda.

Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi. O‘zbekiston aeroportlarida xizmat ko‘rsatiladigan reyslar soni 21888 tadan 25 877 tagacha (2020 yilgi prognoz — 30500), xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni — 3,9 milliondan deyarli 6,5 milliongacha (7,85 million) oshdi.

Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019-yilning oktyabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda, “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi! Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi.

Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalaga oshirishni tashkil etish yuzasidan “Turkish airlines”, “Isra air”, “Garuda”, “Aeroflot”, “IrAero”, “S7”, “Yakutiya”, “SCAT” va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krsanoyarsk, Olmota, Nur-Sulton, Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

Hozirda aeroportlar infrastrukturasi, uchish-qo‘nish yo‘laklari, yo‘lovchi terminallari holati va u yerda xizmat ko‘rsatish standartlari bo‘yicha yaqin kelajakda hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar turibdi. Aynan aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan, deyiladi bayonotda.

Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi.

Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi.

Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2−3 baravarga ortishiga olib keladi. Ushbu chora tadbirlar esa o‘z navbatida xorijiy aviatashuvchilar o‘rtasida mamlakatimiz aviatsiya sohasi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Belgilangan tadbirlarni ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda sifatli bajarish maqsadida Jahon Banki ekspertlari jalb etilgan bo‘lib, ular mamlakatimiz aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tadbiq etishga qaratilgan respublikamiz aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishadi.

Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.