Madaniyat vazirligi ommaviy tomosha va tadbirlarning chipta narxini sun’iy oshirib, «qora bozor»ni shakllantirayotgan shovvozlarga qarshi kurash e’lon qilmoqda. Bu haqda vazir Ozodbek Nazarbekov jurnalistlarga so‘zlab berdi.

«Tez orada Yagona elektron chiptalar operatsiyasi tizimi ishga tushadi. Ana keyin kassabop tomoshalar uchun chiptalarning qo‘lga chiqib ketishi kamayadi, deb o‘ylayman», — dedi vazir.

«Gazeta.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, tizim chiptalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi onlayn maydon emas, balki shu sohani tartibga soluvchi regulyator bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, tizim sinov-tajriba tariqasida mart oyidan ishga tushadi. Platforma orqali vazirlikka qarashli barcha muassasalar, ya’ni teatr, muzey, ayrim san’at saroylariga chipta sotib olish mumkin bo‘ladi.

«Chiptani muassasa vakili, tomosha o‘tkazuvchi agentlar, chiptalarni sotuvchi tijoriy loyiha taqdim etishi mumkin. Qayd etish kerakki, vazirlikka bevosita tegishli bo‘lmagan san’at saroylari, xususiy tijoriy loyihalarning platformaga ulanishi majburiy emas», — dedi vazirlik xodimi.

Qo‘shimcha qilinishicha, platformadan sotib olingan chipta narxida regulyatorning 6 foizli xizmat haqi ham qo‘shib hisoblanadi.

«Eng asosiy maqsad chiptaning «qora bozor»ga tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik. Shu tufayli, tomoshalarni o‘tkazishni uchta kategoriyada sifatlayapmiz. Shunga mos ravishda chiptani sotib oluvchi ham o‘z shaxsini tasdiqlashi kerak. Masalan, elektron pochta, SMS xabar, jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) orqali chipta sotilishini yo‘lga qo‘yamiz», — dedi vazirlik vakili.