O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan muzkaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSH munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Maykl Pompeo O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yuksak baholadi.

Davlat departamenti rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Davlat kotibi Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSH tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Iqtisodiyot sohasida AQSH yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirishni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi. Maykl Pompeo bugungi kunda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini bir necha o‘n karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, AQSH mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Inson salohiyatini rivojlantirish, jumladan, fuqarolik jamiyati rivojini qo‘llab-quvvatlash, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish, shuningdek, ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Maykl Pompeo O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.