O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining qabullar uyi sifatida foydalanilgan Romanovlar uyi yana muzeyga aylantirilishi mumkin. Ayni paytda bino Toshkent shahar hokimiyati balansidan Madaniyat vazirligiga o‘tkazilmoqda, deb ma’lum qildi vazirlik vakili «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Yaqin kunlargacha Tashqi ishlar vazirligi qabullar uyi sifatida xizmat qilgan knyaz Nikolay Konstantinovich Romanovning sobiq saroyi shahar balansiga berilgandi. Poytaxt qoq markazida joylashgan bino O‘zbekiston San’at muzeyining asosi hisoblanadi, shuningdek, u knyaz o‘limidan keyin badiiy muzeyga aylantirilgandi. Qolaversa, uyda knyazga tegishli 500dan ortiq madaniy qiymatga ega buyumlar bo‘lgan.

Shu tufayli, saroyni Madaniyat vazirligiga berish, knyaz merosini o‘z o‘rniga qaytarish hamda muzeyni qayta tashkil etish ishlari boshlangan. Ta’kidlanishicha, buyuk knyazning Toshkent va uning atrofida sovun zavodi, fotografiya ustaxonalari, kvas savdosi bilan shug‘ullanuvchi shoxobchalari, sholini qayta ishlash, paxta manufakturalari bo‘lgan.

Tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadiga esa san’at asarlari sotib olishga sarflagan. O‘sha qimmatli asarlar to‘la uyda O‘zbekiston zargarlik buyumlari va antikvariat muzeyi tashkil etilib, u 1990 yil o‘rtalarigacha faoliyat yuritgan.