O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ayrim rahbar va xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda joriy masalalar, amalga oshirilgan ishlar va yo‘lga qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda xizmatni tashkil etishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Qorako‘l tumani IIB boshlig‘i O. Qurbonov, Buxoro viloyati IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i B. Asadov, Buxoro tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh. Gadoyev, Peshko‘ tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Salixov, Qorako‘l tumani IIB tergov bo‘linmasi boshlig‘i F. Norov hamda 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i J. Boltayev, IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M. Mustafoyev, 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘ining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari T. Abdullayevlarning har biriga intizomiy jazo choralari berildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni 8,5 foizga, shu jumladan, qotillik 31,6 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 15,9 foizga, bosqinchilik 50 foizga, o‘g‘irlik 28,3 foizga, firibgarlik 10,4 foizga kamayishiga erishilgan. Viloyatning 179ta mahallasida jinoyatlar sodir etilmaganligi, 170ta mahallada esa, jinoyatlar ko‘rsatkichining kamayishiga erishilganligi e’tirof etilgan.

Ishchi guruh o‘rganishlari natijasidan kelib chiqqan holda, viloyatning G‘ijduvon tumanida ayollarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida tumandagi 4ta ichki ishlar bo‘limining har biriga ichki imkoniyatlar hisobidan qo‘shimcha xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlarini joriy etish bo‘yicha taklif kiritildi.

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev yig‘ilishda ta’kidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.