«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi samolyoti Pekindan yo‘lovchilar bilan bugun mahalliy vaqt 17:05 da Toshkent aeroportiga yetib keladi, deya xabar qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.

Samolyot bortida 250 nafar yo‘lovchi, ekipaj a’zolari, shuningdek, zamonaviy himoya vositalari bilan ta’minlangan tibbiyot xodimlari va virusolog mutaxassislar bor, deyiladi xabarda.

Avvalroq xabar qilinganidek, yo‘lovchilar kelishi bilan vaqtinchalik joylashtirish markaziga yuboriladi.

Yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazida bo‘lishiga oid savol uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligining bosh ofisiga quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin: +998 (71) 276−49−66

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan Xitoydan qaytib kelayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladilar, u yerda butun karantin davrida malakali tibbiyot xodimlar kuzatuvi ostida bo‘ladilar hamda barcha zaruriy dori-darmon, tibbiyot vositalari va tegishli oziq-ovqat bilan bepul ta’minlanadilar.

Uxan va Xitoyning boshqa mintaqalaridan olib kelinayotgan O‘zbekiston fuqarolari butun inkubatsion davrda karantinda ushlab turiladi. 14 kun davomida ularning oila a’zolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashishiga ruxsat berilmaydi.

4 fevral kuni maxsus charter reys karantin hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun Uxan shahriga uchib ketishi rejalashtirilmoqda.