«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Toshkent metropoliteni yangi yer usti halqa yo‘nalishining «Do‘stlik-Qo‘yliq» uchastkasidagi yettita bekatdan oltitasi qurib bitkazilganini e’lon qildi. «Boshtransloyiha» AJ tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha «Qo‘riqqurilish» tresti korxonalari va bo‘linmalari tomonidan amalga oshirildi.Hozirda oltita bekatda pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda, Qo‘yliq bozori yaqinidagi yettinchi bekatda esa ta’mirlash-montaj ishlari davom etmoqda, dedi «O‘zbekiston temir yo‘llari» Kapital qurish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Abdiyev. Qurilish ishlarida 2000 nafarga yaqin mutaxassislar va quruvchilar, shuningdek 100 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb qilingan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq liniyani mart oyida ishga tushirish rejalashtirilgani xabar qilingan edi.

Har bir stansiya tashqi ko‘rinishi va bezak jihatidan farq qiladi. Bekatlarga kirish va kassalar birinchi qavatda joylashgan bo‘lib, u yerda tibbiy, xavfsizlik va texnik xodimlar uchun xonalar ham ajratiladi.

5 vagon harakatlanadigan tarkib uchun mo‘ljallangan perronlar uzunligi 120 m bo‘lib, marmar taxtalar bilan qoplangan. Ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar uchun relef-nuqtachali maxsus plitalar yotqizilgan.

Bekatlarda harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun eskalator va liftlar ishlaydi. Stansiyalar atroflari obodonlashtirilmoqda, avtoturargohlar barpo etilmoqda.

Yangi liniyada «Metrovagonmash» (Rossiya) kompaniyasining harakat tarkiblari qatnaydi. 2019 yil sentyabr oyida beshta poyezddan iborat sinov partiyasi yetkazib berilgan edi. Hozirda ular «O‘zbekiston» metro yo‘nalishida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Yaqinda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi boshqaruvi raisi Xusniddin Hosilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan yil oxiriga qadar 10 ta poyezd sotib olish masalasi ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.

Qariyb 55 km uzunlikdagi halqa metro loyihasi besh bosqichda amalga oshirilmoqda. Uzunligi 11 km bo‘lgan «Do‘stlik-Qo‘yliq» uchastkasi qurilishning birinchi bosqichidir. Oktyabr oyida prezident birinchi ikki bekat — «Do‘stlik-2» va «Ohangaron» o‘rtasida yangi poyezdda sayohat qilgan edi.