O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi AQSH tomonidan ajratilayotgan texnik yordamni «Kapital bozori to‘g‘risida», «Kapital bozori regulyatori to‘g‘risida» va «Kompaniyalar to‘g‘risida"gi qonun loyihalarini tayyorlashga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishga yo‘naltiradi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston hukumati «Kapital bozorini rivojlantirishning 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi»ni amalga oshirish doirasida kapital bozori sohasini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini unifikatsiya qilish niyatida.

Bugungi kunda ushbu soha 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan bo‘lib, endilikda ularning o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi bir nechta qonunlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Birinchi bosqichda 1 mln dollar miqdorida texnik ko‘mak ajratilishi to‘g‘risida AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo 2−3 fevral kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Kapital bozori agentligi va AQSHning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi o‘rtasida Komissiya institutida agentlik xodimlarining malakasini oshirish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi.