Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida bu hafta yangi turdagi koronavirus mavzusida diktantlar yozdirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarovning xabar qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2019-nCoV koronavirusi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

«Aholini koronavirus kasalligidan muhofaza qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalarni yosh avlodga sodda tilda yetkazish maqsadida maktablarda diktant yozish tadbirlari tashkil etildi», — dedi XTV vakili.

Diktant yozish davomida o‘quvchilar koronavirus yuqish yo‘llari va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar haqida ma’lumotlar oladi. Jumladan, bolalarga muntazam qo‘l yuvish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish kerakligi uqtirilmoqda.

Xitoyning CGTN telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 4 fevral kuni ertalab holati bo‘yicha 20,6 mingdan ortiq koronavirus infeksiyasiga chalinish holati qayd etilgan, ulardan 20,4 mingdan ortig‘i Xitoyda ro‘yxatga olingan. Halok bo‘lganlar soni 430 nafarga yaqinlashdi, ulardan 2 tasi Gonkong va Filippinda. 630 dan ortiq odam sog‘ayib ketdi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi Xitoyga parvozlarni to‘xtatdi, birinchi charter reyslari 4 va 5 fevral kunlari amalga oshiriladi.