Adliya vazirligida xizmat kompyuterlari ish kuni yakunida avtomatik ravishda o‘chirilmoqda. Ushbu amaliyot xodimlarning ishdan tashqari vaqtda ishxonada qolmasligi uchun tatbiq etilmoqda.

3 fevral kuni Adliya vazirligi binosida vazir Ruslanbek Davletov tizimning 2019 yildagi faoliyati haqida hisobot berdi. Shuningdek, u kelgusi rejalar, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ham javob qaytardi, xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Ruslanbek Davletovning aytishicha, 2020 yildan amaliyotga tatbiq etilgan ish rejimi ishxonalarda an’anaviy ishlash uslubiga ijobiy ta’sir qilishi kerak.

«Adliya tizimida shuni yo‘lga qo‘ydik, nazorat ham qilyapmiz. Bu unumdorlikka ham ta’sir qilyapti. Keyin ko‘p ishlashning ikki yuzli muammosi bor: birinchisi, ish beruvchi tomonidan majbur qilib o‘tirish bor, ikkinchisi, ishchining o‘zining o‘tirishi bor. O‘tir, demasa ham shunaqa bir korporativ madaniyat shakllanganki, Yaponiyada boshliq ketmasdan hammasi o‘tiraveradi. Koreya ham xuddi shunday: ko‘p ishlash muammosi bor. Lekin bizda, asosan, ish beruvchining majburlashi orqasidan o‘tiradigan holatlar ko‘proq. O‘zbekistonda shuni biz tahlil qilib, o‘chirishga majbur bo‘ldik», — dedi vazir.

Adliya vazirining qayd etishicha, yangicha ish uslubi joriy qilingach, ayrim xodimlar kompyuterni o‘chirmaslikni iltimos qilishmoqda.

«Menda kechqurun ilhom keladi, bolalarimning oldiga borsam ham ishlay olmayman, iltimos, o‘chirmang, deyapti», — deya qayd etdi u.

Ruslanbek Davletovning ta’kidicha, bo‘lar-bo‘lmas ishlarni yig‘ishtirib, byurokratiyaga chek qo‘yish kerak. Xodimlar 24 soat emas, aql bilan ishlashi lozim. Shunda ishdan natija va samara bo‘ladi.

Vazir ishdan tashqari soatlarda ham ishlaydigan xodimlarning faoliyatidagi salbiy natijalarni sanab o‘tgan. Unga ko‘ra, mehnat soatidan keyin ishxonada qolgan xodim:

  • oilaviy munosabatlar va yaqinlariga ko‘p vaqt ajratmaydi;
  • ish rejasi noto‘g‘ri tashkil etiladi;
  • energoresurslardan oqilona foydalanmaydi;
  • uning mehnat mahsuldorligi tushib ketadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil avgustda o‘tkazgan yig‘ilishida ham ushbu masalaga e’tibor qaratgandi. Davlat rahbari vazirlik, tashkilot va idora xodimlarining mehnat soatidan tashqari ishlashini qoralagan.