Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi AQSH davlat kotibi Maykl Pompeoning Toshkentda o‘tgan brifingdagi so‘zlarini tanqid ostiga oldi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, brifingda Associated Press jurnalisti Metyu Li davlat kotibi tilidan tushmay qolgan Xitoy investitsiya ortidan ko‘rinayotgan tahdid va xatarlar, shuningdek, Xitoy ta’siri, Huawei bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi.

U Pompeodan Shinjon lagerlarida saqlanayotgan uyg‘ur musulmonlari, qozoq va Xitoydagi boshqa etnik kamchilik huquqlari qatori ushbu masalalar mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda ham ko‘tariladimi, deya savol berdi.

Maykl Pompeo savolga javoban AQSH mintaqadagi mamlakatlarda mahalliy xalq istagi bilan qaror qabul qilinishi tarafdori ekanini bildirdi.

«Biz O‘zbekiston xalqi muvozanatdagi, yaxshi munosabatlarni istashini bilamiz. Ularning olis o‘tmishi bor. Ular ham Rossiya, ham Xitoy mavjud bo‘lgan hududda yashaydi. Ammo AQSH ularning mustaqil qaror qabul qila olish qudratida bo‘lishini istaydi va shuni qo‘llab-quvvatlaydi», — deya fikr bildirgan amerikalik diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH O‘zbekistondagi siyosiy islohotlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi, mamlakatda erkin va mustaqillik mustahkamlanishi tarafdori. Shu orqali xalqlar o‘z istagidan kelib chiqib qaror qilishi muhim. Boshqa davlatlarning istagi bilan emas. U AQSHning mintaqadagi vazifa va maqsadlarini qisqacha ochiqlab o‘tdi.

Shuningdek, jurnalist O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xitoy tahdidi borasida amerikalik hamkasbi bilan bir fikrni ilgari suradimi, deya qiziqdi. Komilovning aytishicha, O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi munosabatni o‘rnatish ustuvor vazifa hisoblanadi.

«Ikkinchidan, O‘zbekiston hech qachon o‘z manfaatiga zarar yetkazuvchi qarorlarni qabul qilmaydi. Uchinchidan, bu savol katta va kichik mintaqaviy ishtirokchi boshqa davlatlar siyosati bilan bog‘liq ekanini yaxshi anglaymiz. Shu tufayli, yana bir bor ta’kidlayman: biz Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanayotgan, farovon va hamkorlik mintaqasi sifatida ko‘rishni istaymiz. Qolaversa, mintaqadagi katta, buyuk kuchlar o‘rtasidagi musobaqaga aloqador qandaydir istalmagan holatda qolishni istamaymiz», — dedi u.

Xitoy elchixonasi brifingdan so‘ng AQSH davlat kotibi so‘zlariga e’tirozini bildirdi. Diplomatik vakolatxonaning fikricha, Maykl Pompeo Yevroosiyo davlatlariga turnesi davomida rasmiy Pekinga tuhmat va yolg‘onlarni tarqatmoqda.

«Uning yolg‘onni soxtalashtirish va har qanday holatda Xitoyni yomonotliq qilishi bizni ajablantirmay qo‘ydi. Ta’kidlangan masala muhokama etilganmi, yo yo‘qmi, bundan qat’i nazar, tomonlar Pomeoning shantaji va harakatidan mamnun emasligiga aminmiz», — deyiladi xabarda.

Xitoy elchixonasining xabarida ta’kidlanishicha, yolg‘on ming marta takrorlansa ham, u — yolg‘on. Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining do‘stlik munosabatlarini buzishga qaratilgan har qanday harakat tanazzulga yuz tutadi.