Alohida namuna ko‘rsatgan yosh oilalar uchun 2020 yilda O‘zbekiston bo‘yicha 3878ta uy-joy qurilishi belgilangan. Ulardan 420tasi Toshkentda barpo etiladi.

3 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash masalasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ushbu masalada hukumatning uchta qarori (2014, 2017 va 2019 yillarda) qabul qilingan. Yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Jumaboyevning ta’kidlashicha, joriy yilda yosh oilalar uchun uy-joy berish mexanizm va shartlari so‘nggi qarorga muvofiq o‘zgargan.

«Avvalo, imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishga tavsiya etiladigan nomzodlarni saralab olish mezonlari o‘zgargan. Ilgari faqat turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda alohida yutuq, natijaga erishgan, sport, madaniyat va ilm-fan vakillaridan iborat yoshlar imtiyozli uy-joy olish huquqiga ega bo‘lgandi. Endilikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar, shu bilan birga, ish joyida alohida namuna va xizmat ko‘rsatgan yosh oilalar rahbarining tavsiyasiga ko‘ra uy-joy olish uchun ariza topshirishi mumkin», — dedi u.

Jumaboyevning aytishicha, 2020 yildan uylar uchun boshlang‘ich badal to‘lovi oila tomonidan to‘lanadi. Shuningdek, ipoteka kredit foizi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasiga tenglashtiriladi.

«Ayni paytda Markaziy bank asosiy stavkasi 16 foizni tashkil etadi va hech qayerda ipoteka foizi 16 foiz emas. Aslida shuning o‘zi imtiyoz bo‘lib xizmat qilish kerak», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, uy-joy qiymati dastlabki badalining 65 foizigacha bo‘lgan qismi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobiga 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng bo‘lgan foizli stavkada ssuda tariqasida ajratilgandi.

2019 yilda qurilgan 1064ta uy-joy qiymatining dastlabki badal mablag‘lari uchun talab etilayotgan 60 milliard so‘m mablag‘ o‘tgan yilning ikiknchi choragi yakuni bo‘yicha bojxona to‘lovlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan qoplangandi. Shuningdek, yana 2116ta uy-joy respublika byudjetining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan olingan. 2020 yildan boshlab, boshlang‘ich to‘lov bo‘yicha bunday imkoniyat mavjud emas.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 96ta, Andijon viloyatida 151ta, Buxoro viloyatida 160ta, Jizzax viloyatida 112ta, Qashqadaryo viloyatida 160ta, Navoiy viloyatida 144ta, Namangan viloyatida 64ta, Samarqand viloyatida 160ta, Surxondaryo viloyatida 128ta, Sirdaryo viloyatida 90ta, Toshkent viloyatida 192ta, Farg‘ona viloyatida 176ta, Xorazm viloyatida 96ta hamda Toshkent shahrida 420ta uy-joy ajratilishi belgilangan. Ayni paytda qurilish ishlari boshlanmagan, shuningdek, qurilajak uylarning joylashuvi aniqlanmoqda.