O‘zbekiston xalqi teng muvozanatdagi aloqalarni qaror toptirishni istaydi. Ular ham Xitoy, ham Rossiya mavjud mintaqada yashaydi. Ammo AQSH O‘zbekiston xalqining mustaqil qaror qabul qila olish qudratida bo‘lishini istaydi va shuni qo‘llab-quvvatlaydi, deya bayonot berdi AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo.

3 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot brifingida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob bergan Maykl Pompeo AQSHning Markaziy Osiyo mintaqasidagi roli va vazifalarini ochiqladi.

«Biz Amerika kompaniyalarining O‘zbekistondagi aholi uchun ish o‘rni paydo qilishi, boy bo‘lish imkoniyatini yaratishini istaymiz. Biz ularning siyosiy islohotlarini davom etishi, shuning barobarida xalqi istagandek mustaqil qaror qabul qilishini istaymiz. Boshqa davlatlar istagidek emas», — deya fikr bildirgan amerikalik diplomat.

Pompeoning aytishicha, Amerikaning mintaqadagi vazifasi aniq: ikki tomonlama yaxshi hamkorlik; jarayon va islohotlar amalga oshishi uchun ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarda ishlash; prezident boshlagan rivojlanishni qo‘llab-quvvatlab, xalqni boy qilish va rivojlanishga haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochish, vanihoyat Amerika iqtisodiyotiga ham investitsiya kiritadigan o‘rinni egallashda ko‘mak berishdan iborat.

«Men aminmanki, Amerika kompaniyalari O‘zbekistondek joyga kelganda haqiqiy o‘zligini ko‘rsatishadi: mahalliy aholi uchun ish o‘rni yaratamiz, biz mahalliy qonunlarga rioya qilamiz, mahallasini iflos qilmaymiz, biz yaxshi fuqarolarmiz va qo‘shnilarmiz», — dedi Pompeo.

AQSH davlat kotibining aytishicha, O‘zbekistonning erkin va mustaqilligiga javoban AQSH o‘z kompaniyalari va investitsiyalari bilan mamlakatga kirib kelmoqchi. Ammo mintaqaga boshqa davlat o‘rnatilgan ochiq va shaffoflik qoidalari bilan, davlat va siyosiy doiralar manfaatidan holi ravishda kirib kelsa, AQSH raqobatga tayyorligini ta’kidladi.

«Men bugungi muloqotlarni katta mamnuniyat bilan tark etyapman. O‘ylaymanki, ikki tomonlama aloqalarimiz yanada rivojlanadi, chunki mamlakatlarimiz yaqindan birga ishlamoqda», — deya fikr bildirdi u.

AQSH tomoni o‘zbekistonlik hamkasbi bilan yopiq eshiklar ortiqda deyarli bir soat muloqot o‘tkazib, turli masalalar bo‘yicha fikr almashgan. «Gazeta.uz» tomonlar o‘zaro iqtisodiy yaqinlik masalasiga katta urg‘u berishganini yozgan edi.