2 fevral kuni Toshkentga yetib kelgan AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo rasmiy uchrashuvlarni boshladi. U o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan yopiq eshiklar ortida deyarli bir soat davomida muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shundan so‘ng, ikki tomon diplomatlari uchrashuv haqida qisqacha bayonot berib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Pompeoning aytishicha, ular O‘zbekistondagi barcha soha ravnaqiga hissa qo‘shuvchi qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida biznes iqlimni yaxshilash bo‘yicha gaplashishgan.

Pompeo iqtisodiy munosabatlar haqida

«Biz xususiy investitsiyalarni istaymiz, Amerika investitsiyasi ikki davlat o‘rtasida faol bo‘lishini xohlaymiz. Investitsiyani o‘zlashtirish, barqaror o‘sishda yangi ish o‘rinlarni yaratish va farovonlikni ta’minlashdan yaxshiroq yo‘l yo‘q», — deya qayd etdi Maykl Pomeo.

Uning ta’kidlashicha, AQSH Moliya vazirligi O‘zbekistonda soliq islohotlarini samarali davom ettirish uchun tez orada ko‘mak ko‘rsatadi. Xususan, AQSH tomoni капитал bozorni rivojlantirish uchun 1 million dollar ajratadi.

«Biz iqtisodiy islohotlarni ilgari surish uchun ko‘mak berishga tayyormiz. Chunki Amerika O‘zbekistonning haqiqiy do‘stidir», — deya qo‘shimcha qildi davlat kotibi.

AQSH mulozimi xavfsizlik masalasida so‘zladi

Amerikalik diplomatning ta’kidlashicha, xavfsizlik masalalarida ham hamkorlikni muhokama etishga ko‘p imkoniyatlar mavjud. U Afg‘onistondagi tinchlikning asosiy shartlaridan biri farovon hayot yaratish ekanini anglagan holda, o‘zbek-afg‘on savdo munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«O‘zbekiston va Afg‘onistonning kuchli munosabatlari nafaqat mintaqa hayotiga, balki Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalarga ham ta’sir o‘tkazadi», — deya Pompeo ushbu masalada ulkan yutuqlarga erishayotgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga minnatdorlik bildirdi.

AQSH tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonda diniy erkinlik va inson huquqlari himoyasi haqida

Maykl Pompeo O‘zbekiston inson huquqlari yo‘nalishida sezilarli yutuqlarga erishdi, deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, davlat fuqarolik jamiyati vakillariga keng yo‘l ochmoqda, majburiy mehnatning tizimli sodir etilishiga qarshi turdi va OAVga qo‘llangan taqiqlar olib tashlandi.

«Xususan, bugun shu sohalarda amalga oshirilgan ishlar hisoboti bilan tanishdim. Ayniqsa, odam savdosiga qarshi toqatsiz kurashni olqishlayman. Hukumat kam sonli e’tiqod vakillariga rasman ro‘yxatdan o‘tishga izn berganini ham qo‘llab-quvvatlayman. Diniy erkinliklar himoya qilingan jamiyatda tinchlik va farovonlik yashnaydi», — dedi u.

Maykl Pompeo Xitoy hukumatining kam sonli uyg‘ur millati hamda musulmon qozoqlarga nisbatan bosimini Markaziy Osiyoga tashrifi davomida muhokama etishni maqsad qilib olganini aytdi.