Namangan viloyatining Uychi tumanida fuqaro 1 million dollarlik banknotani sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Uychi tuman bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro S.L. boshqa fuqaroning ishonchiga kirib uni aldab, xorijiy banklardan kredit olib berish va o‘zining 1 mln dollar ko‘rinishidagi kupyurasini sotmoqchi bo‘lgan. U firibgarlik yo‘li bilan 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Bosh prokuraturaning bank ma’lumotiga tayanib ma’lum qilishicha, 1 mln dollarlik banknota suvenir sifatida chiqarilgan bo‘lib, qonuniy to‘lov vositasi hamda valyuta qimmatligi hisoblanmaydi.

Mazkur holat yuzasidan S.L.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.