Yanvar oyida iste’mol narxlari darajasining oy davomidagi o‘rtacha o‘sish sur’ati 0,6 foizni tashkil etdi, deya xabar berdi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

Yil davomida (2020 yil yanvarda 2019 yil yanvariga nisbatan) iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 14,3 foizga o‘sdi.

Narxlar va tariflar o‘sishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, ular 2020 yilning birinchi oyida 1 foizga qimmatlashdi, nooziq-ovqat tovarlar narxi atigi 0,2 foizga, xizmatlar esa 0,3 foizga o‘sdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari asosiy guruhlari ichida meva va sabzavotlar (3,9 foiz) va tuxum (3 foiz) narxlari bir oy ichida eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Go‘sht mahsulotlarining asosiy turlaridan tirik va muzlatilgan baliq, shuningdek cho‘chqa go‘shti (1,2 foiz) narxlari keskin ko‘tarildi. Parranda go‘shti narxlarining 0,7 foizdan 1,6 foizgacha pasayishi qayd etildi.

Yanvar oyida shakar narxi 0,3 foizga oshdi, qandolatchilik mahsulotlari ham o‘rtacha 0.3 foizga qimmatlashdi. Bir oy davomida qahva, choy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqaror bo‘ldi.

Mavsumiy omil asosan meva va sabzavotlar narxlarining o‘zgarishini belgilab berdi. Eng ko‘p sarimsoq (13,3 foiz), yangi bodring va pomidor (12,3 foiz va 9,6 foiz) narxlari oshdi. Shu bilan birga, bir oy davomida limon 3,8 foizga, banan 0,8 foizga arzonlashdi.

Yanvar oyida yog‘-moy mahsulotlaridan sariyog‘ 0,6 foizga, margarin, shuningdek, hayvonlar yog‘lari 0,4 foizga qimmatlashdi. O‘simlik yog‘i narxi oldingi oy darajasida qoldi.

Nooziq-ovqat mahsulotlarining asosiy guruhlari orasida kitoblar, gazeta va jurnallar (11,5 foiz), zargarlik buyumlari (1,2 foiz), matolar va kalava (0,5 foiz), maishiy to‘qimachilik mahsulotlari, oshxona anjomlari (0,4 foiz), kiyim-kechak, poyabzal, iplar, yuvish va tozalash vositalari (0,3 foiz) narxlari qimmatlashdi.

Yillik davrda (2020 yil yanvar 2019 yil yanvarga nisbatan) avtomobillar uchun yoqilg‘i (19,3 foiz), zargarlik buyumlari (17,8 foiz) va bosma nashr mahsulotlari (16,8 foiz) narxlari boshqalarga nisbatan yuqori darajada qimmatlashdi.

Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida: dam olish xizmatlari — 4,5 foizga, yo‘lovchi transporti — 0,6 foizga, maishiy xizmatlar, madaniyat sohasidagi xizmatlar, shuningdek tibbiy xizmatlar 0,5 foizga, sport sohasidagi xizmatlar — 0,3 foizga, ta’lim — 0,1 foizga qimmatlashdi. Kuzatuv guruhidagi boshqa xizmatlar narxlari o‘tgan oy darajaida o‘zgarishsiz qolgan.