Londonda erkak kishi yo‘lovchilarga pichoq bilan hujum qildi. Uch kishi jabrlandi, ulardan birining ahvoli og‘ir, deya xabar qildi Euronews.

BBC rus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tajovuzkor — 20 yoshli Sudesh Amman — yanvar oyi oxirida qamoqxonadan ozod qilingan, u terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo muddatini (3 yil 4 oy) o‘tagan. Euronews xabariga ko‘ra, u ekstremistik materiallarni saqlash va tarqatish uchun jazoga tortilgan bo‘lgan.

Jinoyatchi politsiya tomonidan otib tashlangan. Uning tanasidan soxta portlovchi moslama topilgan. Qayd etilishicha, ozodlikka chiqqanidan keyin u huquq-tartibot idoralari nazorati ostida bo‘lgan.

Hujum qilgan shaxs unga tayinlangan jazo muddatining faqat yarmini o‘tagan. Shu munosabat bilan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson yaqin kelajakda hukumat terrorizmda ayblanib hukm qilinganlarga nisbatan yondashuvni, shu jumladan muddatidan oldin ozod qilish imkoniyatlarini tubdan o‘zgartiradigan choralarni ko‘rishini va’da qildi.

Hukumat rahbari o‘tgan yilning oxirida London ko‘prigidagi teraktdan keyin ham bunday o‘zgarishlar zarurligini ma’lum qilgan edi.