Abituriyent oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlariga qadar kerakli umumta’lim fanlaridan sertifikat olsa, test sinovida ishtirok etmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlovda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati xabar qildi.

DTM 2020 yildan boshlab bosqichma-bosqich chet (ingliz, nemis, fransuz va sharq) tillaridan tashqari, masalan, o‘zbek tili, rus tili, matematika va boshqa umumta’lim fanlaridan ham sertifikat berilishi joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Hozirda ushbu tartib yuzasidan tegishli takliflar berilgan. Takliflarga ko‘ra test sinovlarini soddalashtirish, abituriyentlarga qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida barcha umumta’lim fanlaridan xuddi shunday sertifikat berilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Abituriyentlar umumiy yoki o‘rta-maxsus ta’lim muassasasini tugatmay turib ham bunday imkoniyatdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Ayni paytda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan ushbu tartibni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarish prezident murojaatnomasida sanab o‘tilgan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy etilmoqda. Murojaatda davlat rahbari 2019 yilda mamlakatda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish — muhim vazifa ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.

O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlari bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan davrda 9−10 foiz darajasida bo‘lib kelayotgan edi. So‘nggi ikki yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, bu raqam 15 foizdan oshirildi.