O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan kasallik tarqalishining fojiali oqibatlari sababli XXR raisi Si Szinpinga hamdardlik bildirdi. Hamdardlik maktubi matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Xitoyda yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan kasallik tarqalishining fojiali oqibatlari to‘g‘risidagi tashvishli xabarlar O‘zbekiston Respublikasida alohida xavotir va qayg‘u bilan qabul qilinmoqda. O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan do‘st Xitoy Xalq Respublikasi xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, barcha jabrlanganlarning tez fursatda shifo topishini tilayman», — deyiladi hamdardlikda.

«Ushbu og‘ir damlarda O‘zbekiston xalqi sizga yelkadosh bo‘lib, xitoylik do‘stlarga chin dildan qayg‘udosh ekanini alohida ta’kidlashni istardim, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. — Sizning rahbarligingiz ostida ushbu xavfli pandemiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan mardona sa’y-harakatlar va samarali chora-tadbirlarni yuksak qadrlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu umumiy xatarni bartaraf etish maqsadida zarur ko‘mak ko‘rsatishga intilamiz».

Prezident O‘zbekiston hukumati ushbu kasallik tarqalishiga birgalikda qarshi kurashish choralarini Xitoy bilan yaqindan muvofiqlashtirishga tayyorligini bildirdi.

«Sizning qat’iy harakatlaringiz tufayli buyuk xitoy xalqi ushbu qiyinchiliklarni tez fursatda munosib yengib o‘tishiga ishonch bildiraman», — dedi davlat rahbari.