O‘zbekistondagi bir qator oliy ta’lim muassasalari rektorlari iste’foga chiqishi mumkin. Bu haqda 31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, ishlab chiqarish sohasi vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari xodimlarning yarmidan ko‘pi attestatsiyadan o‘ta olmagan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida (TDIU) vaziyat og‘ir ahvolda ekanini qayd etdi. O‘tgan yil oxirida universitetning avvalgi rektori Bahodir Xodiyev ishdan bo‘shatilgan edi.

«Oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga so‘z berishga vaqtim yetmadi. Men sizlardan juda noroziman. Kecha „Narxoz“ (TDIU — ahr.) xodimlarining 60−65 foizi attestatsiyadan o‘tmagani haqida aytgandim, ya’ni ular „2“ baho olishgan. 20 yil davomida vijdonsiz, bilimsiz va ma’lumotga ega bo‘lmagan odamlar bolalarga ta’lim berishdi. Bu bolalar nima bo‘ladi? Ular qayerga borishadi? Ular qayerda ishlaydi? Ular yirik banklarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilarmi? Yo‘q», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning fikricha, bank sohasi mutaxassislari malakasining pastligi Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ilmiy salohiyat yetishmasligi bilan bog‘liq.

Shavkat Mirziyoyev rektorlar va boshqa OTMlar xodimlarining qamoqqa olinishi korrupsiya tizimini butunlay yo‘q qilishga yordam bermasligini ta’kidladi.

«Muhitni o‘zgartirishimiz kerak, talabalar buni (korrupsiya — tahr.) sezmasliklari kerak. Pedagoglar raqobatbardosh yosh talabalarga ta’lim bera olmasligidan uyalishlari kerak. Har bir universitet rahbari xulosa chiqarishi kerak», — dedi u.

«Biz ular bilan uchrashishga tayyorgarlik ko‘ramiz. Yaqin kunlarda biz yana ko‘plab rektorlarni ishdan bo‘shatamiz. Stolimda turgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu rektorlar bilim darajasi, ma’lumot darajasi, vatanparvarligi va yuklatilgan vazifalari [mos kelmasligi] sababli hatto universitet qorovuli bo‘lishga ham loyiq emas», — deya qo‘shimcha qildi u.

Noyabr oyida prezident maslahatchisi Sherzod Kudbiyev korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha rektorlar bilan uchrashuvda o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan rahbarlar jazolanishini aytgan edi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, rektorlarni ishdan bo‘shatish davom etadi.